OLIY TA’LIM TIZIMIDA KPI MA’LUMOTLARINING ISHONCHLILIGINI TA’MINLASH USULLARI VA ALGORITMLARI
Keywords:
KPI, oliy ta’lim, ma’lumotlar ishonchliligi, ma’lumotlar sifati, validatsiya, verifikatsiya, anomaliya, monitoring, algoritm, ma’lumotlar bazasi, data governance, raqamli universitet.Abstract
Mazkur maqolada oliy ta’lim tizimida boshqaruv qarorlarini qabul qilish, ta’lim va ilmiy faoliyat samaradorligini baholash hamda professor-o‘qituvchilar faoliyatini monitoring qilishda qo‘llaniladigan KPI (Key Performance Indicators — asosiy samaradorlik ko‘rsatkichlari) ma’lumotlarining ishonchliligini ta’minlash muammosi tadqiq etilgan. Raqamli transformatsiya sharoitida oliy ta’lim muassasalarida talaba kontingenti, professor-o‘qituvchilar faoliyati, ilmiy-tadqiqot ishlari, o‘quv yuklamasi, nashr faolligi, xalqaro hamkorlik, ta’lim sifati va boshqa ko‘plab jarayonlarga oid ma’lumotlar turli axborot tizimlarida shakllanmoqda. Bunday sharoitda KPI qiymatining noto‘g‘ri, to‘liq bo‘lmagan, takroriy, eskirgan yoki qarama-qarshi ma’lumotlar asosida shakllanishi boshqaruv qarorlarining sifatiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi.
Tadqiqotda KPI ma’lumotlarining ishonchliligi tushunchasi aniqlik, to‘liqlik, izchillik, dolzarblik, yaxlitlik va verifikatsiya qilinuvchanlik kabi mezonlar asosida tizimlashtirilgan. Oliy ta’lim tizimida KPI ma’lumotlarini shakllantirish manbalari va ma’lumotlar oqimining xususiyatlari tahlil qilingan. Ma’lumotlarni yig‘ish, dastlabki validatsiya, takroriy yozuvlarni aniqlash, mantiqiy nazorat, statistik nazorat, anomaliyalarni aniqlash va yakuniy ishonchlilik koeffitsientini hisoblashga asoslangan ko‘p bosqichli algoritmik yondashuv taklif etilgan.