STRESSNING OG‘IZ BO‘SHLIG‘I VA PERIODONTAL TO‘QIMALAR HOLATIGA TA’SIRI
Keywords:
stress, psixologik stress, periodontit, gingivit, periodontal to‘qimalar, kortizol, immun javob, yallig‘lanish.Abstract
Ushbu maqolada psixologik stressning og‘iz bo‘shlig‘i va periodontal to‘qimalar holatiga ta’siri zamonaviy ilmiy adabiyotlar asosida tahlil qilindi. Surunkali stress organizmning neyroendokrin va immun tizimlari faoliyatini o‘zgartirib, periodontal to‘qimalarda yallig‘lanish jarayonlarining kuchayishiga sharoit yaratishi mumkin. Stress vaqtida gipotalamus–gipofiz–buyrak usti bezlari o‘qi faollashib, kortizol ajralishi ortadi. Kortizolning uzoq muddat yuqori bo‘lishi immun javobning o‘zgarishi va yallig‘lanish jarayonining buzilishi bilan bog‘liq. 2021-yilgi sistematik sharh va meta-tahlilda 775 ta potensial maqoladan 25 tasi sifatli tahlilga, 14 tasi meta-tahlilga kiritilgan bo‘lib, stress va periodontit o‘rtasidagi umumlashtirilgan OR 1,78 ni tashkil qilgan. 2025-yilgi sistematik sharh va meta-tahlilda esa 13 ta tadqiqot va 1610 nafar ishtirokchi tahlil qilinib, psixologik stress periodontitni davolash natijalarining yomonlashuvi bilan bog‘liq ekani aniqlangan.