ZARURIY MUDOFAA DOIRASIDA KUCH ISHLATISHNING HUQUQIY TARTIBI
Keywords:
zaruriy mudofaa, mutanosiblik, jinoyat huquqi, fuqarolik huquqi, zarar, javobgarlik, tajovuz, o‘zini himoya qilish, delikt, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi.Abstract
Ushbu maqolada zaruriy mudofaa institutining huquqiy tabiati, uning jinoyat va fuqarolik huquqi tizimidagi o‘rni hamda zaruriy mudofaa natijasida yetkazilgan zarar uchun fuqarolik-huquqiy javobgarlikdan ozod qilish masalalari ilmiy jihatdan tahlil qilinadi. Zaruriy mudofaa shaxsning o‘z hayoti, sog‘lig‘i, sha’ni, qadr-qimmati va mulkini noqonuniy tajovuzlardan himoya qilishga qaratilgan tabiiy va konstitutsiyaviy huquq sifatida baholanadi. Tadqiqotda O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 37-moddasi hamda Fuqarolik kodeksining 991-moddasi mazmuni yoritilib, ularning o‘zaro bog‘liqligi ochib beriladi. Shuningdek, maqolada zaruriy mudofaa chegaralarini belgilash, mutanosiblik tamoyilini qo‘llash va sud amaliyotida yuzaga kelayotgan muammolar tahlil qilinadi. Amaliyotda ayniqsa “mutanosiblik” mezonining subyektiv talqini, kutilmagan hujumlarda psixologik holatni hisobga olish zarurati hamda jinoyat va fuqarolik sudlari o‘rtasidagi qarorlar ziddiyati dolzarb muammo sifatida ko‘rsatib o‘tiladi.
Tadqiqot davomida xorijiy davlatlar tajribasi ham qisqacha o‘rganilib, zaruriy mudofaa institutini yanada samarali qo‘llash bo‘yicha takliflar ishlab chiqiladi. Xususan, “uy — qal’a” tamoyilini kuchaytirish, preyuditsiya institutini mustahkamlash hamda Oliy sud Plenumi tushuntirishlarini takomillashtirish zarurligi asoslab beriladi.